Andijon davlat texnika institutida “Young Professional Internships Program 2026” taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Matbuot
Andijon davlat texnika institutida “Young Professional Internships Program 2026” loyihasiga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri tashkil etildi. Tadbirda Amerika Kengashlari (American Councils) vakili va dastur koordinatori Aziza Nuriddinova ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida talabalarga mazkur dastur haqida batafsil ma’lumot berilib, dastur maqsadi, ishtirok etish shartlari hamda taqdim etiladigan imkoniyatlar haqida to‘liq tushuntirishlar berildi.
Aziza Nuriddinovaning ta’kidlashicha, “Young Professional Internships Program” dasturi Toshkent shahrida 12 haftalik amaliyot (internship) shaklida o‘tkaziladi. Unda ishtirokchilar biznes, marketing, moliya, konsalting, texnologiya va STEM yo‘nalishlari bo‘yicha turli tashkilotlarda amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Dastur doirasida qatnashchilar mentorlar bilan ishlash, professional ko‘nikmalarni rivojlantirish, tarmoq (network) yaratish hamda xalqaro darajadagi kasbiy malakalarini oshirish imkoniga ega bo‘ladilar.
Taqdimot davomida talabalarga ariza topshirish tartibi, tanlov bosqichlari, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash (stipendiya) hamda asosiy sanalar haqida amaliy tavsiyalar berildi. Ma’lum qilinishicha, dasturga arizalar 2025-yil 8-dekabrga qadar qabul qilinadi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, dasturda muvaffaqiyatli ishtirok etish bo‘yicha foydali maslahatlar olishdi. Tadbir yoshlar uchun xalqaro tajriba orttirish va kelajakdagi kasbiy faoliyatini samarali rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.