• +99874 223-43-67

info@astiedu.uz

Andijon davlat texnika instituti rektori Umid Muxtaraliyevich Turdialiyevning 8-mart xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram TABRIGI

  • event
    Author:

    Matbuot

  • Date:

    08-03-2026

  • Count:

     153

blog

Eng go‘zal oyning eng nafis bayrami — xotin-qizlarga ehtirom ko‘rsatish an’anasi yil sayin umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lib, yuqori maqom darajasiga ko‘tarilmoqda. Donolar aytganidek, dunyoda ayol mehrining bahosini o‘lchaydigan mezon, tenglashtiradigan boylik yo‘q. Bu ayol degan ulug‘ xilqatda nozik ta’b, buyuk qalb, nazokatli ko‘ngil, betakror fidoyilik, ona jasorati mujassamligi natijasidir.

 

Avvalo, sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ezgulik va go‘zallik bayrami — 8 mart Xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etaman!

 

Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

 

Hech kimga sir emas, ayol zoti haqida, uning qanday tengsiz latofat va nafosat sohibasi, ezgulik va fidoyilik ramzi, xonadonlarimizning fayzu farishtasi ekani haqida tariximizda ulug‘ mutafakkirlar, shoir va allomalar qancha-qancha dil so‘zlarini bayon etganlar.

 

Bu haqda gapirganda, avvalo buyuk shoir va alloma Mir Alisher Navoiy hazratlarining “Jannat onalarning oyog‘i ostidadir” degan hikmatli so‘zlarini yana bir bor eslaymiz va mehribon, muqaddas Ona siymosi oldida barchamiz bosh egib ta’zim 

qilamiz.

 

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyoti va ravnaqiga hissa qo‘shib, o‘z oldilariga yetuk kadrlar tayyorlashni maqsad qilib olgan Andijon davlat texnika institutida 400 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar bo‘lajak muhandislarga ilm-fan saboqlarini berishmoqda. Quvonarli jihati shundaki, ularning aksariyatini xotin-qizlarimiz tashkil qilmoqda. Yildan-yilga ilmiy salohiyatli opa-singillarimizning soni ko‘payib, yosh avlodga sifatli bilim berib kelishmoqda.

 

Mamnuniyat bilan aytmoqchimanki, 200 nafarga yaqin ayol professor-o‘qituvchilar qatorida 50 nafardan ortiq texnik xodimalarimiz ham fidoyilarcha mehnat qilmoqda. Sizlarning samarali mehnatingiz, nafosat va nazokatingiz, vafo va sadoqatingiz oldida qo‘limiz ko‘ksimizda!

 

O‘z navbatida, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyotiga hissa qo‘shishni maqsad qilib, ta’lim olayotgan 500 nafardan ortiq talaba qizlarimizni ham bayram 

bilan tabriklayman! O‘ylaymanki, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanib, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishasizlar.

 

Munis va mehribon opa-singillar!

 

Yana bir bor sizlarni bahor va nafosat ayyomi bo‘lmish 8 mart bayrami bilan samimiy tabriklayman. Oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘linglar! Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman. Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘lish hammangizga nasib etsin!

 

Hamisha sog‘-omon bo‘ling, azizlar! 

Sayt haqida

Saytdagi ma'lumotlar uchun mualliflar javobgar. Har qanday foydalanish saytga ochiq havola ko‘rsatish sharti bilan ruxsat etiladi. Internet nashrlar ma'lumot ko‘chirganda, qidiruv tizimlari uchun erkin va ochiq havola qo‘yishi shart, havola qisman yoki to‘liq foydalanilganda ham ko‘rsatilishi lozim.