Xalqaro hamkorlik sari yangi qadam
-
Author:Matbuot
-
Date:
11-09-2026
-
Count:
 133
Xalqaro hamkorlik sari yangi qadam: Andijon davlat texnika instituti delegatsiyasi Beijing Institute of Technology’da
Andijon davlat texnika instituti rektori boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi doirasida dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — Beijing Institute of Technology (BIT) universitetiga tashrif buyurildi.
QS World University Rankings 2027 xalqaro reytingida 243-o‘rinni egallagan Beijing Institute of Technology Xitoyning yetakchi muhandislik-texnika oliygohlaridan biri sifatida ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar sohasida katta tajribaga ega.
Tashrif davomida BIT rahbariyati va professor-o‘qituvchilari bilan Andijon davlat texnika instituti va Beijing Institute of Technology o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan samarali muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvda, xususan, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarni jalb etish, akademik mobillikni rivojlantirish, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, muhandislik-texnika yo‘nalishlarida zamonaviy ta’lim metodlarini joriy etish, ilg‘or ilmiy tajribalarni o‘rganish, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish, ilmiy laboratoriyalar va tadqiqot markazlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.
Tomonlar, ayniqsa, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, avtomatlashtirish, robototexnika, zamonaviy muhandislik va texnik fanlar kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish katta imkoniyatlarga ega ekanini qayd etdilar.
Mazkur hamkorlik doirasida Andijon davlat texnika instituti talabalarining xalqaro akademik muhitda bilim va tajriba orttirishi, xorijiy professor-o‘qituvchilar bilan bevosita ilmiy muloqot olib borishi hamda zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishi uchun yangi imkoniyatlar yaratilishi kutilmoqda.
Tashrif yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, mavjud aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirish va istiqbolda qo‘shma ta’lim hamda ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.
Beijing Institute of Technology bilan yo‘lga qo‘yilayotgan ushbu hamkorlik Andijon davlat texnika institutining xalqaro aloqalarini kengaytirish, ta’lim va ilm-fan sifatini yangi bosqichga olib chiqish hamda talabalar uchun global ta’lim imkoniyatlarini yanada kengaytirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Mazkur tashrif ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida uzoq muddatli va samarali sheriklik uchun mustahkam zamin yaratib, Andijon davlat texnika institutining xalqaro ta’lim va ilmiy hamkorlik maydonidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.