Andijon davlat texnika instituti talabalari ham o‘qib, ham ishlab, 7 million so‘mgacha daromad topmoqda
-
Author:Matbuot
-
Date:
14-09-2026
-
Count:
 234
Bugungi mehnat bozori oliy ta’lim muassasalaridan faqat nazariy bilimga ega emas, balki ishlab chiqarish jarayonini tushunadigan, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlay oladigan mutaxassislarni tayyorlashni talab qilmoqda. Shu sababli Andijon davlat texnika institutida ham dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur tizim talabalarga institutda olgan bilimlarini amaliyot jarayonida mustahkamlash imkonini bermoqda.
Ayni paytda institutning Avtomobilsozlik va transport, Mexanika va kimyo muhandisligi, Qurilish muhandisligi, Elektroenergetika hamda Intellektual boshqaruv va kompyuter tizimlari fakultetlarining 3- va 4-bosqich talabalari viloyatdagi 30 dan ortiq yirik korxona va tashkilotlarda o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha tajriba orttirmoqda.
Jumladan, «Jinlun» GES korxonasida 100 nafar, «Cambel» elektrobus zavodida 40 nafar, «K&M» MCHJ bufer zavodida 20 nafar, «NAWAS» MCHJda 20 nafar talaba ham o‘qib, ham ishlamoqda. «Sanchuang» aqlli suv hisoblagichlari ishlab chiqaruvchi xorijiy korxonada esa yana 20 nafar talaba dual ta’lim asosida faoliyat olib bormoqda.
— Talabalar korxonalarda zamonaviy uskuna va texnologiyalar bilan ishlashni o‘rganmoqda. Ishlab chiqarish jarayonida bevosita qatnashayotgani ularga kasbiy mahoratini oshirish va mustaqil ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam bermoqda. Talabalar o‘qish bilan birga ishlash va daromad topish imkoniga ega bo‘lmoqda. Ayrim talabalarimiz bajarayotgan ishiga qarab, oyiga o‘rtacha 3 million so‘mdan 7 million so‘mgacha maosh olmoqda, — deydi institut rektori, texnika fanlari doktori, professor Umid Turdialiyev.
Institut va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlik ta’lim jarayonini ishlab chiqarishdagi real ehtiyojlar bilan bog‘lashga xizmat qilmoqda. Natijada talabalar o‘qishni tamomlamasdan turib ish tajribasiga ega bo‘lib, mehnat bozoriga tayyor mutaxassis sifatida kirib bormoqda.