Qirgiziston Respublikasining O‘sh texnologiya universiteti delegatsiyasi institutimizda
Mamarasulov .U
Qirgiziston Respublikasining M.M Adishev nomidagi O‘sh texnologiya universitetidan 12 nafar delegatsiya Andijon davlat texnika isntitutiga tashrif buyurdilar.
Ushbu tashrifdan ko’zlangan maqsad O’zbekistondagi ta’lim isloxotlari bilan tanishish, Axborot texnologiyalar sohasidagi yutuqlar ham innovatsion texnologilar, Robototexnika va mexatronika bo’yicha ilmiy stajirovkani amalga oshirishdir.
Ushbu uchrashuv davomida Xalqaro Hamkorlik bo’lim boshlig’i Fotima Karimova Fotima, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor Murodjon Sherboyev, Mashinasozlik ishlab chiqarishni avtomatlashtirish kafedrasi mudiri Yusupov Azamat , Axborot texnalogiyalari kafedrasi mudiri Saida Atajonovalar mehmonlarga institut faoliyati, o‘quv jarayonlari va so‘nggi yillardagi innovatsion yutuqlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etdilar.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari tomonidan institut talabalari uchun zamonaviy axborot texnologiyalari, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, menejment va innovatsion ta’lim uslublari yuzasidan ochiq ma’ruzalar o‘tkazildi. Interaktiv tarzda tashkil etilgan ushbu darslarda talabalar faol ishtirok etib, xorijiy mutaxassislar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bundan tashqari, mehmonlar institut tarkibidagi “Avtoservis va texnik diagnostika” markaziga tashrif buyurib, u yerda mavjud zamonaviy jihozlar, avtomobil diagnostikasi va texnik xizmat ko‘rsatish texnologiyalari bilan yaqindan tanishdilar. Jarayon davomida ular soha bo‘yicha o‘zlarining amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, texnik ta’limni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari institut innovatsion markazlari, zamonaviy laboratoriyalar, robototexnika ustaxonalari, hamda “Talabalar texnoparki” faoliyati bilan tanishib, ularning ish faoliyatini yuqori baholadilar. Kelgusida qo‘shma startap loyihalarni yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Tashrif doirasida mehmonlar institutda o‘tkazilgan an’anaviy “Talabalar bahori” nomli festivalda ham ishtirok etdilar. Ular yoshlarning iqtidorini namoyon etuvchi ushbu madaniy-ma’rifiy tadbirdan katta taassurot oldilar va bu kabi tashabbuslar yoshlar ongini yuksaltirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Tashrif yakunida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalar, konferensiyalar va stajirovkalar tashkil etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu tashrif O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi do‘stona va samarali aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilishiga zamin yaratadi.