Andijon davlat texnika institutiga yangi rektor tanishtirildi
Matbuot
27-avgust kuni Andijon davlat texnika institutida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimligi vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va professor-o‘qituvchilar qatnashdi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rib chiqilib, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq texnika fanlari doktori, professor Turdialiyev Umid Muxtoraliyevich Andijon davlat texnika instituti rektori lavozimiga tayinlangani e’lon qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash, oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlash borasidagi vazifalarning ijrosi muhokama qilindi. Institutdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, istiqboldagi ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Ochiq muloqot davomida ishtirokchilar o‘z taklif va mulohazalarini bildirib, ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha fikr almashdilar.